INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi mintaqadagi sanoat hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus, Turkiya, Xitoy va boshqa davlatlardan rasmiy delegatsiyalar, investorlar hamda ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ishtirok etmoqda. Bu yilgi INNOPROM texnologik sheriklik g‘oyasini davom ettirib, sanoatda o‘zaro integratsiya va kooperatsiyani yanada chuqurlashtirishga qaratilgan.
Rossiya Federatsiyasidan qator yirik sanoat kompaniyalari, jumladan, mashinasozlik, neft-gaz, metallurgiya va yuqori texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi korxonalar qatnashmoqda. Shuningdek, Rossiya eksport markazi eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Rossiyaning Moskva shahri, Tatariston va Boshqirdiston respublikalari, Chelyabinsk viloyati kabi hududlari ham o‘z investitsion va sanoat salohiyatini namoyon qilmoqda.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston kompaniyalari bilan bir qatorda Belarus, Xitoy va Turkiya ishlab chiqaruvchilari ham o‘z mahsulotlari va innovatsion yechimlari bilan qatnashmoqda.
O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi mazkur tadbirda faol ishtirok etib, metrologiya va standartlashtirish sohasidagi xizmatlar, ilmiy ishlanmalar, milliy va xalqaro standartlarni joriy etish, hamda savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish yo‘nalishlaridagi faoliyatini taqdim etmoqda. Shuningdek, kadrlar tayyorlash va sohani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar bo‘yicha alohida stend tashkil etilgan.
Tadbir doirasida qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik hujjatlari imzolanib, kelgusidagi qo‘shma loyihalar uchun mustahkam asos yaratilmoqda.
2026 yilgi ko‘rgazma doirasida sanoatning barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan zamonaviy texnologiyalar namoyish etilmoqda. Jumladan, shahar infratuzilmasi va transport tizimlari uchun innovatsion yechimlar, sanoat uskunalari, avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish liniyalari, robotlashtirilgan texnika, uchuvchisiz uchish apparatlari, sun’iy intellekt asosidagi ta’lim dronlari va boshqa ilg‘or ishlanmalar ishtirokchilar e’tiboriga havola qilinmoqda.
Ishbilarmonlik dasturining asosiy voqealaridan biri — bugun bo‘lib o‘tgan Bosh plenar sessiya hisoblanadi. Unda hukumat vakillari, xalqaro delegatsiyalar rahbarlari, yirik sanoat kompaniyalari va tarmoq birlashmalari ishtirok etib, zamonaviy sanoat taraqqiyoti va hamkorlik istiqbollarini muhokama qilidilar.